Shaxmat: Bugun “Al-Beruniy” xalqaro turnirining 2-tur o‘yinlari o‘tkaziladi
Kecha poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida “Al-Beruniy” II xalqaro turniri boshlandi.
Uch toifada o‘tkazilayotgan nufuzli turnirda Vengriya, Xitoy, Hindiston, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Armaniston, Shvetsiya, Eron va O‘zbekistonning eng mahoratli shaxmatchilari dona surmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 68 ming 700 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Masters” guruhida reytingi 2600 va undan yuqori bo‘lgan 6 nafar xorijlik va 4 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi g‘oliblik uchun kurashga kirishdi.
Ortda qolgan 1-tur o‘yinlarida “Masters” guruhida vatanimiz sharafini himoya qilayotgan shaxmatchilarimizdan Abdumalik Abdusalimov oq donalarda hamyurtimiz Ortiq Nigmatovni mag‘lub etgan bo‘lsa, Afruza Hamdamova armanistonlik Ayk Martirosyanga, Muhiddin Madaminov Shant Sargsyanga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Rapid bo‘yicha amaldagi jahon chempioni rossiyalik Volodar Murzin Vengriya vakili Sanan Syugirovni mag‘lub etgan vaziyatda FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan rossiyalik Vladislav Artemev xitoylik Syun Ma bilan murosa yo‘lini tanladi.

“Chellenjer” guruhida ham 6 nafar xorijlik, 4 nafar yurtimiz shaxmatchilari ishtirok etmoqda. Kecha o‘tgan 1-turda ushbu guruhda dona surayotgan yurtdoshlarimizdan Humoyun Bekmuratov qora donalarda qozog‘istonlik Rinat Jumabayev bilan durangga erishdi. Qolgan hamyurtlarimiz raqiblariga yutqazib qo‘yishdi.


“Fyuchers” guruhida ishtirok etayotgan 3 nafar shaxmatchimizdan faqat Asrorjon Omonovdan boshqa barcha shaxmatchilarimiz ochko yo‘qotdi.
Bugun, 4 fevral kuni xalqaro turnirning 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda “Masters” guruhida qatnashayotgan terma jamoamiz a’zolaridan Ortiq Nigmatov qora donalarda Ayk Martirosyan bilan kuch sinashadi. Shuningdek, kun davomida shaxmat ishqibozlari Sanan Syugirov – Abdumalik Abdusalimov, Shant Sargsyan – Volodar Murzin, Syun Ma – Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova – Vladislav Artemev o‘rtasidagi qarama-qarshilikka guvoh bo‘lishadi.
9 turdan iborat xalqaro turnir 12 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA