“Yagona salomatlik” yondashuvi – barqaror kelajakka qo‘yilgan muhim qadam
Toshkentda Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi asosida pandemiyalarga tayyorgarlik va javob choralari bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchi yig‘ilish o‘tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbir pandemiyalar xavfini kamaytirish, ularga javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan.
Sessiyada hamkor tashkilotlar bilan bir qatorda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari milliy ish rejasi, dolzarb muammolar, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini muhokama qilishdi.
“Markaziy Osiyoda yagona salomatlik yondashuvi orqali pandemiyaga tayyorgarlik va javob choralari” loyihasi FAO, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki tomonidan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va ijtimoiy rivojlanish sohalaridagi muammolar tufayli pandemiya va epidemiyalarga qarshi kurashishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf qilish hamda pandemiyalarning oldini olish, unga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yagona salomatlik yondashuvini qabul qilish ustida hamkorlikda ish olib borilmoqda.
– Pandemiyalarga tayyorgarlik va javob choralari nafaqat milliy ustuvor yo‘nalish, balki butun mintaqamiz va global miqyosdagi dolzarb masaladir, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. – «Yagona salomatlik» yondashuvi asosida insoniyat, hayvonot va atrof-muhit salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish – barqaror kelajakka qo‘yilgan muhim qadamdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, insonlardagi infeksion kasalliklarning 60 foizdan ortig‘i hayvonlardan yuqadi, shuningdek, yangi paydo bo‘layotgan kasalliklarning 75 foizi zoonotik tabiatga ega. Tadbirda pandemiya xavflarini kamaytirish uchun mustahkam siyosiy-huquqiy asoslar, kuchli boshqaruv tizimi va jamoatchilik ishtirokini oshirish talab qilinishi aytildi.
O‘zbekiston va mintaqa davlatlari ushbu yo‘nalishlarda birgalikda ish olib borish orqali pandemiyalar xavfini kamaytirish, jamoat salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va atrof-muhit himoyasini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlarni qo‘ymoqda.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA