Partiya faoliyati tahlil qilinib, vazifalar belgilandi

195

Nukusda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashining Plenumi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi a’zolari, shahar va tuman Kengashlari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputat guruhlari a’zolari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Plenumda barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining 2024 yildagi faoliyati yakunlari hamda 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasining ish rejasini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.

Plenumda so‘zga chiqqanlar e’tiborni, avvalo, o‘tgan saylovlarda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining ishtiroki, yutuqlar va kamchiliklarga qaratdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashidan o‘tgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga proporsional saylov shakli bo‘yicha 2 nafar, Jo‘qorg‘i Kengesiga 9 nafar va xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlariga 61 nafar, jami 72 ta deputat saylandi. Shuningdek, partiyadan bir nafar Senat a’zosi saylandi.

Plenumda partiya saylovoldi Platformasida belgilangan vazifalar ijrosi, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarish, elektorat manfaatlarini himoya qilish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunga kelib, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 680 ta, partiya a’zolari soni esa 51 ming nafardan oshdi. O‘tgan hisobot davrida elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zMTDP deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan jami 247 ta deputatlik so‘rovi amalga oshirildi. Partiya deputatlik guruhlari tomonidan 21 nafar mansabdor shaxsning hisoboti tinglandi. Doimiy komissiya majlislariga 19 ta masala, mahalliy Kengashlar sessiyalariga 15 ta tashabbus olib chiqildi.

Albatta, yutuqlar o‘zimizniki, ammo, deputatlar o‘z vakolatlaridan samarali foydalangan holda tashabbuskorlikni yanada oshirishlari lozimligi alohida qayd etildi. Muxtasar aytganda, partiya guruhlari faolligi partiya dasturiy maqsadlarini samarali amalga oshirishga, elektorat manfaatlarini himoyalashga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, bugungi saylovchini quruq va’dalar, hisobotlar bilan ishontirib bo‘lmaydi. Siyosiy dunyoqarashi, tafakkuri tobora yuksalib borayotgan aholi xalq vakillaridan aniq ishlar, tashabbuslar kutadi.

Plenum yakunida partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 2025 yil uchun ish rejasi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni bajarish bo‘yicha muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri