IHT doirasida media-kontentni raqamlashtirish masalasi muhokama qilindi

179

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) Ijroiya kengashining 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Onlayn tarzda uyushtirilgan uchrashuvda dastlab Saudiya Arabistoni axborot agentligi (SPA) rahbari Ali bin Abdulloh Al-Zayd media sohasi beqiyos yangiliklarni boshdan kechirayotgani, bu yo‘lda hamqadam bo‘lish uchun ommaviy axborot vositalari o‘z xususiyati va ish uslubida chuqur o‘zgarishlar qilishi zarurligini ta’kidladi. Ittifoq media makondagi global jarayonga uyg‘un rivojlanishi, barcha tarmoqlarda eng zarur media-kontent ishlab chiqarish uchun sohani raqamlashtirish dastur va usullari ustida ish olib borishi lozimligiga to‘xtaldi. Ayni jarayonda SPA yangi loyihalarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash vazifasini o‘z zimmasiga olishi, yanada zamonaviylashishi, ijodiy jarayonni yaxshilash yo‘lida ildamlashi muhimligini qayd etdi.

IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha so‘nggi bir necha yil ichida birgalikda erishilgan sezilarli muvaffaqiyatlar yuksak qadrlanishini e’tirof etdi.

UNA-OIC bosh direktori Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy ushbu masalalarni hal etish, a’zo davlatlar intilishlarini ro‘yobga chiqarishda Ittifoq rolini kuchaytirishga qaratilgan mazkur yig‘ilishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, tuzilma  so‘nggi yillarda a’zo davlatlar ko‘magi bilan moliyaviy tiklanish bosqichiga qadam qo‘ygan. Notiq o‘quv dasturlari, konferensiya va media-forumlar tashkil etish, turli masalalar bo‘yicha OAV sa’y-harakatini muvofiqlashtirish, IHT tarkibidagi turli idoralar nufuzini oshirishga yo‘naltirilgan faoliyatni tahlil etish, a’zo agentliklarda raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA