Ekologik markirovka belgisi tasdiqlandi
Joriy yil 20 yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan mamlakatda ISO 14024 xalqaro standarti asosida butun hayotiy davr bo‘yicha «Yashil belgi» mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi.
Ekologiya vazirligi «Yashil belgi» tizimini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi hamda unga bir qancha vazifalar yuklanmoqda.
Xususan, vazirlik ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish hujjatlarini, shu jumladan, qoidalari, xorijiy ekologik markirovka tizimlarini tan olish hamda ekologik markirovka belgisini qo‘llash tartiblarini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, ekologik markirovkalash organlariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi hamda ularni avtorizatsiyadan o‘tkazadi.
Ekologiya vazirligi huzuridagi «Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi» mas’uliyati cheklangan jamiyati ekologik markirovkalash tizimining operatori etib belgilandi.
Mahsulot va xizmatlarga berilgan ekologik markirovkalash sertifikatining haqiqiyligi va amal qilish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlash hamda ochiqligini ta’minlash maqsadida ushbu sertifikatlar reyestrini yuritish, ekologik markirovkalash organlari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ekologik markirovka belgisidan to‘g‘ri foydalanilishini ommalashtirish hamda uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish vazifalari belgilangan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA