Futbol: Bugun U-17 Osiyo kubogiga qur’a tashlanadi

Bugun, 23 yanvar kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida U-17 Osiyo kubogiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Aytish lozimki, OFK jamoalarni savatchalarga ajratishda so‘nggi uchta Osiyo kubogida erishilgan natijalarni hisobga olgan.
Mazkur musobaqa Qatarda bo‘lib o‘tadigan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatli.
Musobaqaning eng yaxshi 8 ta jamoasi 2025 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi mundialda ishtirok etish huquqiga ega chiqadi.
Qur’ada jamoalar 4 ta savatchaga ajratilgan bo‘lib, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Avstraliya, Yaman, Tojikiston qatorida 2-savatchadan o‘rin olgan.
1-savatchada Saudiya Arabistoni (musobaqa mezboni), Yaponiya, Koreya Respublikasi, Eron termalari joy olgan. 3-savatchada Tailand, Vetnam, O‘mon, Afg‘oniston, 4-savatchada Xitoy, Indoneziya, KXDR, BAA termalari joylashgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA