Shaxmat: Abdusattorov yetakchiga aylangan turnirda Yoqubboyev o‘z guruhida 7-o‘rinda bormoqda

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining “Masters“ guruhida g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan Nodirbek Abdusattorov 3-turda g‘alabaga erishdi. Abdusattorov niderlandiyalik Maks Varmerdamga qarshi kechgan o‘yinda qora donalarda harakatlangan bo‘lsada, raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Ortda qolgan 3 ta tur yakunlariga ko‘ra, hamyurtimiz 2 ta g‘alaba va 1 ta durang holatida ochkolari sonini 2,5 taga yetkazgan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga turnir jadvali yetakchisiga aylanib oldi.
Hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa hamyurti Arjun Ergaisini taslim etib, 2,5 ochko bilan Abdusattorovni ta’qib etmoqda. Xalqaro turnirning yetakchi shaxmatchilari hisoblangan hindistonlik Gukesh Dommaradju va amerikalik Fabiano Karuana bahsida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 21 yanvar kuni “Master” guruhida 4-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu turda Nodirbek Abdusattorov xitoylik Vey I bilan ro‘baro‘ keladi. 2-o‘rinda borayotgan Rameshbabu Pragnanandxa hamyurti Leon Lyuk Mendonka bilan kuch sinashadi.

Aytish lozim, Abdusattorov ushbu shaxmatchini 2-turda oq donalarda mag‘lubiyatga uchratgan edi. Pragnanandxa bilan esa qora donalarda 1-turda durangga erishgandi. “Chellenjer“ guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yoqubboyev 3-turda chexiyalik Nguyen Tay Day Vanga yutqazib qo‘ydi. Ushbu mag‘lubiyat Nodirbek Yoqubboyevning 1,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 7-o‘rinda joylashishiga olib kelgan bo‘lsa, g‘alaba tufayli 2,5 ochkoga ega bo‘lgan Chexiya vakilini peshqadamga aylantirdi. Hozirda mazkur guruhda uch nafar shaxmatchining 2,5, ikki nafarining 2, besh nafar ishtirokchining esa 1,5 ochkoga egaligiga e’tibor qaratsak, g‘oliblik uchun kurashlar hali oldindaligi oydinlashadi. Bugun o‘tkaziladigan 4-turda Yoqubboyev oq donalarda o‘zi singari 1,5 ochkoga ega hindistonlik Vaishali Rameshbabu bilan bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA