Germaniyada ishlash istagida bo‘lganlar haydovchilikka o‘qitiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi hamda Germaniyaning “SBH WEST GmbH” ta’lim va hunarmandchilik fondi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Uch tomonlama memorandumning maqsadi O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha professional haydovchilar tayyorlanib, ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha faoliyat yuritishlarini ta’minlashdan iboratdir.
Memorandum shartlariga ko‘ra, Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolar «Vatanparvar» tashkiloti o‘quv muassasalarida yuk va yo‘lovchi tashish haydovchiligi bo‘yicha o‘qitiladi. Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan nomzodlarni “SBH WEST GmbH” fondi tomonidan tanlangan vakillar va ish beruvchi kompaniyalar amaliy imtihondan o‘tkazadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlardan nemis tilini muloqot qila olish darajasida bilishlari talab etiladi.
Bundan bir necha kun avval “SBH WEST GmbH” ta’lim va hunarmandchilik fondi boshqaruvchi direktori Peter Niemann boshchiligidagi delegatsiya Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida bo‘lib, u yerda joylashgan «Vatanparvar» tashkiloti O‘quv sport texnika klubining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kursi o‘quv moddiy texnik negizi bilan tanishgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning sentyabr oyida «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi.
O‘zA