Ukraina qo‘shinlari Rossiya ichida yangi kutilmagan hujumni boshlab, Kurskning shimol hamda sharq tomonida o‘z kuchlarini kengaytirdi. Ushbu hafta Kiyevning qarshi hujumiga besh oydan oshdi.

Yuqoridan olingan tasvirlarda Ukraina kuchlarining Sudjadagi bazasidan Berdin tomon harakatlanayotgani, dalalarni egallab olgani va yakshanba kuni aholi punktiga kirgani aks etgan.

Dushanbaga kelib, Ukraina kuchlari qo‘shimcha uchta aholi punktlarini ham egallab olishdi. Ular Sudja va viloyat markazi Kursk o‘rtasidagi asosiy yo‘lda joylashgan.

Rossiyalik harbiy blogerlarning aytishicha, Ukraina kuchlari Martynovka, Cherkasskoye Porechnoye va Mixaylovka aholi punktlarini ham qo‘lga kiritgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina kuchlari Rossiya qo‘shinlarini blokirovka qilish uchun HIMARS tizimlaridan foydalangan. Rossiyalik muxbirning yozishicha Ukraina Ruslarning tegishli zaxiralarini, artilleriya va dron operatorlarini yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Portlashlar Ukraina nazoratidagi hududlardan 70 km uzoqlikda joylashgan Kurskdagi aviatsiya texnik bazasida sodir bo‘lgan. Kursk harbiy operatsiyalari shtab-kvartirasi bir nechta Ukraina raketalarini urib tushirganini da’vo qilgan.

Raketalardan tashqari, Ukraina Rossiyaning energetika aktivlariga hujum qilish uchun o‘zining uzoq masofali uchuvchisiz samolyotlaridan foydalangan. Shanba kuni Ukraina uchuvchisiz uchog‘i Leningrad yaqinidagi Ust-Luga portida gaz kondensatini tashish terminaliga urilgan va katta yong‘inga sabab bo‘lgan.

“Ruslar o‘zlarining kuchli bo‘linmalarini Kursk viloyatiga joylashtirdi. U yerda Shimoliy Koreyadan kelgan askarlar ham bor. Muhimi shundaki, dushman kuchlari hozirda qo‘shinlarning barchasini boshqa yo‘nalishlarga, xususan, Donetsk, Sumi, Xarkov yoki Zaporoje viloyatlariga yo‘naltira olmaydi”, – degan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, Kursk operatsiyasida ruslar 38 mingdan ortiq askarini, jumladan, 15 mingga yaqin qoplab bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga uchragan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Kurskda yo‘q qilingan Rossiya texnikalarini, jumladan, 104 ta tank, 575 ta zirhli jangovar mashina, 1000 dan ortiq boshqa texnika va 330 ta artilleriya tizimi ro‘yxatini e’lon qildi. Ukraina shuningdek, Kurskda 860 nafar rusni asirga olib, ulardan o‘z asirlari bilan almashish uchun foydalanganini aytdi.

Ukraina Mudofaa vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil davomida Kiyev tomoni Rossiyaning 3689 ta tankini, 8956 ta zirhli jangovar texnikasini va 13000 dan ortiq artilleriyasini yo‘q qilgan. Ukraina harbiy-dengiz kuchlari beshta kema va 458 ta kichik kemani cho‘ktirganini ma’lum qildi.

Londonda joylashgan Xalqaro Strategik Tadqiqotlar Instituti bir yil avval Rossiyada ikki-uch yillik qurol-aslaha qolganini taxmin qilgan edi. O‘tgan hafta davomida Rossiyaning Ukraina pozitsiyalariga davom etgan hujumlari Rossiya qurol-yarog‘lari haqida ham savollar tug‘dirdi.

Zelenskiyning aytishicha, Pokrovsk eng qaynoq urush nuqtasi bo‘lib turibdi. Seshanba kuni butun front bo‘ylab 176 ta jangovar to‘qnashuvdan 41 tasi shu hududda bo‘lgan.

Umuman olganda, dekabr oyida Ukraina mudofaa kuchlari operatorlari dushmanning 54 mingdan ortiq nishoniga zarba berishdi. Bu natijaning deyarli yarmi 49 foizi kamikadze dronlari tomonidan amalga oshirilgan.

Urush qachon tugaydi?

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik mashhur jurnalist Leks Fridmanga bergan intervyusida “Mamlakat Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xerson viloyatlari, shuningdek Qrimdan NATOga a’zo bo‘lish taklifi evaziga voz kechishga rozi bo‘ladimi?” degan savolga javob berdi. Ushbu video suhbat amerikalik jurnalistning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan.

Ukraina nashri yozishicha, davlat rahbari Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni tark etish evaziga NATOga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqilishini qayd etgan. Muayyan shartlar bajarilgan taqdirdagina mamlakat bunga rozi bo‘ladi.

– Qonunan, mamlakat NATOga taklif qilingan, boshqa barcha hududlarimiz nazorat ostida, harbiy tuzilma Ukrainaga qarashli qismda harakatlanishi mumkin, – degan Prezident. Ukraina urushni to‘xtatishning diplomatik yo‘lini ko‘rsagina, voqealar shunday rivojlanadi.

“Ukraina uchun Rossiya bilan har qanday muzokaralar boshlanishidan oldin AQSH va G‘arb davlatlaridan jiddiy xavfsizlik kafolatlarini olish muhim”, — deya ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina yetakchisi, shuningdek, Vashington Moskvaga bosim o‘tkazishda davom etishi zarurligini qayd etdi.

“Bizning asosiy maqsadimiz joriy yilda xavfsizlik kafolatlarini olish va urushni tugatish. Buning uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, – deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Agar Rossiya Ukraina ustidan g‘alaba qilsa, Pentagon 2029 yilgacha xarajatini 800 milliard dollardan ham oshirishga majbur qiladi, deb yozdi “Bloomberg” Amerika tadbirkorlik instituti hisobotiga tayanib.

Hujjatda ushbu chora “Rossiyaning Ukrainadan tashqaridagi hujumlarini ushlab turish va qaytarish zarurati bilan asoslangan.

– Bizning xulosamiz shuki, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash Amerikaning eng qulay moliyaviy manfaatiga to‘g‘ri keladi, – deyilgan hisobotda. Mutaxassislar fikricha, qisqa muddatli ko‘mak miqdori RF g‘alabasidan keyingi uzoq muddatli xarajatdan ancha kam.

Pentagon Prezident Jo Bayden davrida Ukrainaga yetkazilgan harbiy yordam qiymati 66,5 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi.

Avvalroq tashkilotning yuqori martabali mulozimlaridan biri jurnalistlarga ma’muriyat Kiyevga 2 milliard dollardan ko‘p yo‘naltirishga ulgurmasligi, ko‘mak keyingi Prezident – Donald Tramp davrida davom ettirilishi kutilayotganini aytgan.

Matbuot kotibining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llash maqsadida, jumladan, bayram va dam olish kunlari  kecha-yu kunduz ishlamoqda.

So‘nggi kunlarda Tramp va Putin hech qanday shartlarsiz uchrashishi haqida xabarlar tarqalmoqda. “Tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Prezident Putin uchrashuv o‘tkazishni xohlaydi, u buni ochiqchasiga ham aytdi. Biz urushni tugatishimiz kerak”, – dedi Tramp.  Kreml esa Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha hech qanday aniqlik yo‘qligini, faqatgina Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng sodir bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

“Biz janob Tramp ham muammolarni muloqot yo‘li bilan hal qilishga tayyorliginini ko‘rmoqdamiz. Moskva buni qo‘llab-quvvatlaydi”, – degan Peskov.

G‘azo urushi

“Inauguratsiyaga qadar HAMAS garovdagilarni ozod qilmasa, Yaqin Sharq jahannamga aylanishi mumkin”, – deyapti Tramp.

Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatishga kelishish bo‘yicha muzokarada ishtirok etadi.

Saylangan Prezident ma’muriyati mojaroni hal qilishda oldinga siljish niyatini bildirdi va 20 yanvarga mo‘ljallangan Donald Trampning inauguratsiyasiga qadar HAMAS garovdagilarni ozod qilmasa, Yaqin Sharq “jahannamga” aylanishi bilan tahdid qildi.

– Agar garovga olinganlar men lavozimga kirishgunimcha qaytarilmasa, Yaqin Sharqda jahannam paydo bo‘ladi va bu HAMAS uchun ham, boshqalar uchun ham yaxshi bo‘lmaydi, – dedi Tramp.

Qayd etilishicha, G‘azoda garovga olingan 100 kishining 7 nafari amerikalik. Isroil razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ushlab turilganlarning yarmiga yaqini, jumladan uch amerikalik tirik.

Agar kelishuvga erishilsa, sulhning birinchi bosqichi 33 nafar mahbusni ozod qilish va G‘azoda 6-7 hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek yuzlab falastinliklarni ozod etishni nazarda tutadi.

2024 yil dekabr oyining so‘nggi haftasida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi so‘nggi bilvosita muzokara muvaffaqiyat keltirmadi. Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar vositachilari erishgan muayyan yutuqlar kelishuvga erishish uchun yetarli bo‘lmadi.

HAMASning Livandagi matbuot kotibi Ahmad Abdul Hodi dushanba kuni “Al-Mayadin” telekanaliga “Netanyahu qaror qabul qiladi, har qanday kelishuv G‘azodagi urushni to‘xtatish va Isroil qo‘shinini to‘liq olib chiqib ketishni ko‘zlaydi, harakatning pozitsiyasi shunday”, – deya ta’kidladi.

Hafta oxirida Qatar poytaxtida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bilvosita muzokaraning yangi davrasi qayta ish boshladi, deb xabar berdi “Kazinform” agentligi.

XAMASning yuqori martabali rasmiysi Basim Naim matbuot anjumanida guruhning tezroq kelishuvga erishish niyati jiddiyligini ma’lum qildi. Bu jarayonda asosiy maqsad doimiy ravishda o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlari olib chiqilishiga erishishdan iborat.

Janubiy Koreyaning raketa sinovlari

Bir haftaning ichida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirdi, deb yozgan “Yonhap” axborot agentligi.

Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, sinov Pxenyanda amalga oshirilgan. Koreya Respublikasi harbiylari qurilma o‘rta masofaga mo‘ljallangan, deb hisoblayapti.

Raketa taxminan 1100 kilometr masofani bosib o‘tib, suvga qulagan. Voqea munosabati bilan Seul tomoni qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirgan.

Shuningdek, hafta boshida Shimoliy Koreya navbatdagi giper tovushli ballistik raketasini uchirdi, sinovni mamlakat rahbari Kim Chen In kuzatib borgan.

Pxenyan yaqinidagi maxsus maydondan shimoli-sharqqa tomon uchirilgan siljish kallagi tovush tezligidan 12 marta tez harakatlandi. Mo‘ljallangan trayektoriya bo‘ylab uchish davomida “dastlabki eng yuqori balandlik 99,8, ikkinchi maksimal ko‘tarilish esa 42,5 kilometrni tashkil etdi. Bunday salohiyat uchish joyidan 1500 kilometr masofada, ochiq suvdagi hududga aniq zarba berish imkonini beradi.

Agentlik ta’kidlaganidek, bunday turdagi qurol nazariy jihatdan Pxenyandan taxminan 3400 kilometrda joylashgan Guamdagi AQSH harbiy bazasiga zarba berishga qodir.

Kim Chen In KXDRning eng yangi giper tovushli ballistik raketasi har qanday raketaga qarshi mudofaa tizimini yorib o‘tishga qodirligini aytdi.

Kaliforniya olov ichida

AQSH Kaliforniya shtatida tez tarqalayotgan o‘rmon yong‘ini sabab favqulodda holat e’lon qilindi. Los-Anjeles o‘t o‘chirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 10 mingdan ortiq xonadon xavf ostida qolgan.

Los-Anjelesdagi yong‘inlarning uchinchi to‘lqini West Hillsda sodir bo‘ldi. Rasmiylar yong‘inlarni nazorat ostiga olishga urinmoqda. Los-Anjeles hududidagi ikkita o‘rmon yong‘inlari 10 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Payshanba kuni tushdan keyin San-Fernando vodiysidagi Wyest Hills mahallasida so‘nggi yong‘in kuzatildi chunki o‘t o‘chiruvchilar boshqa yong‘inlarni bartaraf etish bilan band edi. Davlat o‘rmon yong‘inlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita yong‘inning o‘zi 12 ming gektardan ortiq yerni kul qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 180 mingga yaqin odam yong‘in sababli evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruqqa ega, yana 200 ming aholi evakuatsiya haqida ogohlantirilgan.

Amerikaning “JPMorgan Chase” banki “Financial Times” orqali mijozlarga yo‘llagan maktubida Kaliforniyada davom etayotgan yong‘indan ko‘rilgan zarar qariyb 50 milliard dollarga yetishini taxmin qildi.

Sardorbek Poyonov, Doniyor Yoqubov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA.