“O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi korxonalar joriy yilda jami 8,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Surayyo Po‘latova bu haqda ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, GESlarda ishlab chiqarish hajmini oshirishda qurilish va modernizatsiya ishlari muhim rol o‘ynagan.

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida yaratilgan qo‘shimcha quvvatlar evaziga gidroenergetika salohiyatini nafaqat bir maromda saqlash, balki mavjud quvvatlarni yildan-yilga oshirib borishga ham erishilmoqda. Xususan, jami 55 ta loyihaning amalga oshirilgani, 42 ta yangi GESning qurilgani va mavjud 13 tasi esa zamonaviy andozalar asosida modernizatsiya qilingani bunga yaqqol misol.

– O‘tgan yetti yilda mamlakatimizda GESlarning umumiy soni 36 tadan 77 taga hamda quvvati 1 836 MVtdan hozirgi 2 256 MVtga yetkazilib, qo‘shimcha yana 420 MVt quvvat yaratildi. E’tiborli tomoni shundaki, bu nafaqat O‘zbekistonda, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida ham yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Joriy yilda jamiyat tasarrufidagi korxonalar tomonidan jami 8,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘p. Ushbu ko‘rsatkichlar tashkilotimiz tasarrufidagi energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarda tunu kun mehnat qilayotgan 2 ming nafardan ortiq fidoyi xodimning mashaqqatli mehnati, shuningdek, 155 ta gidrogeneratorning uzluksiz ekspluatatsiyasi, mukammal va joriy ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida bajarilishi tufaylidir, –dedi S.Po‘latova.

Hozirgi vaqtda jamiyatimiz tarkibidagi korxonalar tomonidan kunlik o‘rtacha 20 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Bu respublikaning kunlik umumiy elektr energiyasiga bo‘lgan talabining o‘rtacha 9-11 foizidir.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA