Davlat dasturi loyihasini takomillashtirishda “Milliy tiklanish” faol qatnashadi

461

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi qizg‘in kechmoqda. Faollar, deputatlar ushbu dasturulamal hujjatni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini hamda munosabatini bayon qilmoqda. Jumladan, siyosiy partiyalar yetakchilari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov jamoatchilik muhokamasi asosida davlat dasturi loyihasi yanada takomillashishini, bu jarayonda partiya faol ishtirok etishini qayd etdi:

– Davlat dasturi loyihasida belgilangan vazifalar ko‘lami, shubhasiz, odamlarni rozi qilish orqali yurtdoshlarimizning farovonligini ta’minlashga qaratilgan Yangi O‘zbekiston islohotlarining navbatdagi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Dasturning “Har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borish”, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish natijalarining ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishi hamda uning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirishga oid bandlari har bir fuqaroning ijro jarayonlaridan xabardorligini ta’minlaydi. Asosiysi, bu jarayon parlament quyi palatasi deputatlari zimmasidagi mas’uliyatni o‘n karraga oshiradi.

Davlat dasturi loyihasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo afkor ommasini tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish, shuningdek, atrof-muhit sofligini asrash, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladigan vazifalarning salmog‘i bilan ham ahamiyatlidir.

“Yashil” energetika milliy iqtisodiyotimiz drayveriga aylanganidan kelib chiqib, bu yo‘nalishda ham kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar belgilandiki, bu xalqimizning uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammolariga yechim bo‘ladi, albatta.

Shu o‘rinda davlat dasturi loyihasida belgilangan vazifalar “Milliy tiklanish”ning Saylovoldi dasturidagi aksariyat g‘oya va maqsadlar bilan hamohang ekanini va bu partiyamizning barcha bo‘g‘inlardagi deputatlari zimmasiga mas’uliyat yuklashini ta’kidlamoqchiman.

Bugun hayotimiz ma’no-mazmuniga aylanayotgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsad, shubhasiz, barchamizni amalda birlashtirishi, asosiy e’tiborni global masalalarga qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘lda esa, ayniqsa, tarbiya va ta’lim, til va milliy qadriyatlarimizga oid qarashlarimiz o‘zgarishi kerakligini har qadamda sezib turibmiz.

Dasturning birinchi yo‘nalishi – “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangani bejiz emas, deb hisoblaymiz. Aynan ushbu yo‘nalishdagi vazifalar partiyamiz dasturidagi g‘oya va maqsadlar bilan hamohang bo‘lib, jumladan, har bir tumanda bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar bilan ishlaydigan o‘qituvchilarga maxsus sertifikatlar berish hamda 3,5 ming kambag‘al oila farzandlarini oliy ta’lim tashkilotlariga grant asosida qabul qilishdek muhim vazifalar ijrosini ta’minlash barobarida bu jarayonda faol ishtirok etish ham oldimizda turgan muhim vazifalardandir.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi qator takliflarni taqdim etib, dastur loyihasini takomillashtirishda faol ishtirok etadi.

Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA