Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarining energiya auditi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu jarayon energiya auditi xizmatlarini ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan o‘tkaziladi.

Energiya auditi asosan yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish salohiyatini baholashga, energiyani tejashga doir chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratilgan. Bu orqali energiyani tejash, samarali foydalanish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan strategik dasturlar ishlab chiqiladi.

“O‘zenergoinspeksiya” energiya samaradorlik departamenti boshlig‘i Farrux Halimovning so‘ziga ko‘ra, davriy energiya auditi har yili belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

– Davriy energiya auditi “O‘zenergoinspeksiya” bilan kelishilgan jadvalga asosan besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Majburiy energiya auditi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uskunalarini o‘rnatgan va modernizatsiya qilgan sub’ektlarda ekspress shaklda amalga oshiriladi. Ichki energiya auditi korxonalar va tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi va unda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish uchun mas’ul mutaxassislardan tushuntirishlar olish imkoniyati mavjud, – dedi F.Halimov.

N.Ziyodullayeva, O‘zA