“O‘ztransgaz” AJ 2024 yilda gaz transport tizimi inshootlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha alohida reja ishlab chiqib, muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Reja doirasida respublika bo‘ylab bir qator modernizatsiya va qayta qurish ishlari bajarildi.
Xususan, Toshkent viloyatidagi 120 mingga yaqin aholi xonadoni va ulgurji iste’molchiga gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida “Toshkent-1” gaz taqsimlash stansiyasida Qibray va Toshkent tumanlari tarmoqlarining gaz bosimini rostlash tuguni ajratildi. Bu har bir tarmoqda alohida bosimda gaz yetkazib berish imkonini yaratdi hamda ta’mir ishlari vaqtida gaz ta’minotining uzilishi xavfini bartaraf etdi.
Shuningdek, “Mega oil servis” gaz taqsimlash stansiyasida 2,5 kilometr gaz quvuri tortilishi hisobiga Yangiyo‘l tumani iste’molchilariga gaz uzatish hajmi oshirildi. Zangiota tumanini ta’minlovchi “Quyoshli” gaz taqsimlash stansiyasiga eltuvchi quvurning nuqsonli qismlari almashtirildi va bu gaz yetkazib berishda ishonchlilikni oshirdi.
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi raisining maslahatchisi Lola Sharipova bu kabi natijalar haqida ma’lumot berdi. Unda aytib o‘tilishicha, Xorazm viloyatida “Urganch” gaz taqsimlash stansiyasi rekonstruksiya qilinib, 68 ming xonadon va 3000 ga yaqin ulgurji iste’molchiga gaz uzatish samaradorligi sezilarli darajada oshirilgan.
Qoraqalpog‘istondagi “To‘rtko‘l” stansiyasi aholi yashash joyidan chiqarilib, qayta qurildi. Namangan shahrida qurilgan “Yangi O‘zbekiston” gaz taqsimlash stansiyasi esa 3,5 mingdan ortiq xonadon va “Yangi Namangan” massividagi 84 ta ko‘p qavatli uyga tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minladi.
O‘tkazilgan diagnostika ishlarida aniqlangan 67 kilometr nuqsonli magistral quvurlar almashtirildi. Ularning ishonchliligini ta’minlash uchun 4600 kilometr magistral quvurlarning ichki yuzasi tozalandi. Diagnostika ishlari 1200 kilometr quvurni qamrab oldi. Quvurlarning o‘tkazuvchanligini oshirish uchun 20 ta porshen yuborish va 19 ta qabul qilish tuguni rekonstruksiya qilindi. Qo‘shimcha ravishda 9 ta yangi tugun qurilib, 2600 kilometr magistral tarmoqda tozalash va diagnostika ishlari amalga oshirildi. Mavjud 11 ta gaz siquv kompressor stansiyasidagi 58 ta agregat qish mavsumida ishlashga shay holga keltirildi.
G‘allaorol va Gazlidagi kompressor stansiyalarida 4 ta filtr-separator qurilmasi o‘rnatildi. Shuningdek, “Xo‘jaobod” yer osti gaz saqlash inshootidagi 24 ta quduq ta’mirlandi.
Lola Sharipovaning ta’kidlashicha, 2024 yilda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar mamlakat gaz ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlashda amaliy ahamiyat kasb etayotir. Ayni kunlardagi barcha chora-tadbirlar qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA