“The Guardian” nashriga ko‘ra, Daniya qiroli Frederik XTrampning orolni sotib olish haqidagi bayonotidan keyin mamlakat gerbini o‘zgartirib, unda Grenlandiya va Far’er orollarining ramzlari — oq ayiq va qo‘chqorni yanada kattaroq qilib aks ettirdi. Avvalroq, Daniya bosh vaziri Trampga “Grenlandiya sotilmaydi” deya javob bergandi.

1972 yilda qabul qilingan avvalgi namunada Grenlandiya va Far’er orollari ramzlari gerbning chekka qismida joylashtirilgandi. Endi ular kattaroq va alohida hajmda chizildi. Gerbning qolgan ikki qismida Daniya va Janubiy Yutlandiya mintaqasining gerbi joy olgan (ikkisida ham havorang sherlar tasviri bor).

Shuningdek, Grenlandiya va Far’er orollari ramzlari bilan bir maydonda bo‘lgan va 1397−1523 yillar oralig‘ida tuzilgan Daniya, Norvegiya hamda Shvetsiyaning Kalmar ittifoqini ifodalovchi uchta toj gerbdan olib tashlangan. Qirollik bayonotida aytilishicha, bu element “endi dolzarb emas”.

Mazkur gerb shaklining o‘zgarishi Grenlandiya va Daniya munosabatlarida keskinlik kuchaygan davrda sodir bo‘ldi, shuningdek, AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning dekabr oyida orolga “egalik va nazorat qilish” Qo‘shma Shtatlar uchun “mutlaq zarurat” ekanini aytgan so‘zlaridan keyin yuz berdi.

Grenlandiya dunyodagi eng katta orol bo‘lib, Daniyaga qarashli. Uning aholisi 56,8 ming kishini tashkil etadi.

M.Pirmatova, O‘zA