O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya AQSHga tashrifi buyurdi.
Amerikaning yirik ishbilarmon doira vakillari bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Cove Capital LLC, City, Bridge Capital Group, Creative Associates, FL Smith, dōTERRA, Creative Associates, FL Smith, dōTERRA, CalCity Industrial Park LLC, Crown Iron Works, Edvard, Austin, Nobel- Systems, North Coast Communications, Komatsu, JP Morgan, Minnesota Soybean Association kabi 40 dan ziyod yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston-Amerika Savdo palatasi rahbariyati, Oq uy ma’muriyati va AQSH Savdo vazirligi ekspertlari ham ishtirok etdi. Ishbilarmon doiralar vakillari O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladi va bu jarayon mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Amerika kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish dinamikasi, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, qo‘shma yangi loyiha tashabbuslari taqdim etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini, xususan, tog‘-kon sanoati, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik hamda agrosanoat majmuasi kabi sohalarda yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.
Tadbir interaktiv tarzda o‘tkazildi — har bir kompaniya rahbari bilan davra suhbatida ham, G2B formatdagi muzokaralarda ham hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni mustahkamlash borasida kelgusi yil uchun harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olishdi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA