Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida joriy yilda erishilgan natijalar va kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlanib ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirning birinchi o‘rinbosari Akbar Koziyev joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yilgi rejalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil hosili uchun 314,2 ming gektar asosiy,  30,1 ming gektar takroriy ekin maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. Shundan, uchinchi chorakda 215 ming tonna don, 83 ming tonna paxta, 215 ming tonna sabzavot, 61,1 ming tonna kartoshka, 46,8 ming tonna meva, 6,1 ming tonna uzum hosili olindi. Shuningdek, 85,8 ming tonna go‘sht, 269,2 ming tonna sut, 270 million dona tuxum, 85 ming dona qorako‘l teri, 6,2  ming tonna baliq ishlab chiqarildi. Bugungi kunda, 28,1 milliard dollarlik 49,4 ming tonna meva-sabzavot ekinlari eksport qilindi. Yil yakuniga, 18,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish 104,8 foizni tashkil etilishi kutilmoqda.

Respublikadagi 14 ta tumanda 12 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. Ushbu klasterlarga jami 86 ming 300 gektar yer maydoni biriktirilgan bo‘lib, shundan, klasterlarning o‘z hisobidan yetishtiriladigan maydon 9 ming 641 gektarni tashkil etadi.

Joriy yilda aholiga, jumladan, yoshlarga dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun o‘tkazilgan tanlovda 7 ming 657 ta lotdagi 5 ming 48 gektar yer maydoni g‘olibi aniqlandi. Hozirda barcha tumanlarda yoshlar tomonidan o‘zlariga ajratilgan yerlarda 1,1 ming tonna sabzavot, 1,1 ming tonna poliz yetishtirildi. Shuningdek, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun 1 ming 724 gektar ajratish belgilanib, amalda 1 ming 764 gektar auksion savdosiga chiqarilgan. Shundan 1 ming 801 ta lotda 1 ming 399 gektar maydon tanlov g‘olibi bo‘ldi.

Suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 4 ming 150 gektarda  tomchilatib, 1 ming 900 gektar yomg‘irlatib, 9 ming 900 gektar egiluvchan quvurlar va egatga plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Shuningdek, 54,2 ming gektar maydon lazerli tekislandi. Tashabbuskorlar hisobidan 193 kilometr sug‘orish, 15 kilometr kollektor tarmog‘i ta’mirlandi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA