Nukusda “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari Qoraqalpog‘iston Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilayotgani haqida alohida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, shu asosda ularning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi faolligi ortib, barcha sohalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Shuni ham alohida ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda Prezidentimizning alohida e’tibori bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilib, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish borasida ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ko‘rik-tanlov natijasiga ko‘ra Nukus shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Ayjamal Namenova  “Yilning eng vatanparvar ayoli”, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘qituvchisi Ramiza Jumamuratova “Yilning eng faol olima ayoli”, To‘rtko‘l tumanidan Bibigul Xidirova “Yilning eng faol tadbirkor ayoli”, Kegeyli tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Gulchehra Tulekeyeva “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, Qorao‘zak tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Gulzar Reymova “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyalari bilan taqdirlandi.

Shuningdek Mo‘ynoq tumanidagi 16-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Nurjamol Yembergenova “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, Taxiatosh tumani “Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘inidan Rao‘shan Matyakupova “Yilning eng yaxshi uy bekasi”, Ellikqal’a tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Muhabbat Bekanova “Yilning eng jonkuyar ustozi”, Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiyi Nigora Palvanova “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, Shumanay tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Jumagul Jarimbetova “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyalariga munosib deb topildi.

Tadbirda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi. Jumladan, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy davlat organi (tashkiloti)” nominatsiyaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman (shahar) davlat organi” nominatsiyasiga Taxtako‘pir tumani ixtisoslashtirilgan maktabi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman (shahar) hokimlik” nominatsiyasiga Chimboy tumani hokimligi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasiga “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik sub’ekti” nominatsiyasiga Beruniy tumanidagi “Yangi zotdor 2022” mas’uliyati cheklangan jamiyat, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur” nominatsiyasiga Qoraqalpog‘iston radiokanali, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal” nominatsiyasiga Nukus shahri Nukuzpress sayti loyiq deb topildi.

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Tadbir san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA