“Prezident sovg‘asi” Orolbo‘yiga yetib keldi
Oilaviy mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-onadan qarovisiz qolgan, Vatan sarhadlarini himoya qilishda qurbon bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun “Prezident sovg‘asi” Qoraqalpog‘istonga yetib keldi.
3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan Prezident sovg‘asiga davlatimiz rahbarining bolajonlarga yo‘llagan Yangi yil tabrigi, shirinliklar, kitoblar to‘plami, kanselyariya buyumlari, smart soat, yumshoq o‘yinchoqlar, didaktik o‘yinlar, velosiped, shuningdek, 12 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga elektr yurituvchi samokat ham kiritilgan.
Sovg‘alar Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida 29-30 dekabr kunlari tantanali ravishda topshiriladi.
Voyaga yetmagan qizlar onasiga olib berildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman sudining 2024 yil 2 dekabrdagi ijro hujjatiga asosan voyaga yetmagan uch nafar qiz farzandni javobgarlar Ya.K., S.X. va Ya.T.lardan da’vogar Yo.Yo.ning tarbiyasiga olib berish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatiga kirishildi. Xususan, ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida bo‘lim xodimlari olib berilishi lozim bo‘lgan qizlar yashayotgan manzilga borib, javobgarlarga sud qarori ijrosi ta’minlanishi lozimligi, uning ijrosini ta’minlamaslik oqibati tushuntirildi.
Shundan so‘ng javobgarlar Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limiga kelib, qizchalarni ixtiyoriy ravishda onasiga qaytarib berdi.
Noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlari bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.
Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.Ch.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasi tarmog‘iga ulanib, jami 288,2 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. Shu kabi Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “N.-J.” oilaviy korxonasi va “D.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyat mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 210,5 million so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganliklari ham ma’lum bo‘ldi..
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri