Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrida yosh avlodni milliy g‘oya, jasorat va matonat ruhida tarbiyalashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan faol zamondoshlarimiz timsolini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan “Bizning teatr” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilariga mazkur teatr tarixi, repertuari, bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida keng ma’lumot berildi.

Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri xorijiy teatrlar bilan hamkorlik aloqalarini ham yo‘lga qo‘ygan. Teatr direktori Usmanatdin Mambetaliyev 2023 yil iyul oyida Turkiya va Gruziya Respublikalarida xizmat safarida bo‘lib, ushbu mamlakatlar qo‘g‘irchoq teatrlari rahbarlari bilan rasmiy Memorandum imzoladi. Ushbu Memorandumga asosan rejissyorlar, aktyorlar, rassomlar tajriba almashishi va barcha ijodiy sohadagi yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xalqaro festivallarga taklif etiladi. Shuningdek, joriy yilda Ozarbayjon davlat qo‘g‘irchoq teatri bilan hamkorlik Memorandum imzolandi. Mazkur Memorandumga asosan Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri ijodiy jamoasi Ozarbayjon Respublikasi shaharlarida, Ozarbayjon Respublikasi qo‘g‘irchoq teatri O‘zbekiston Respublikasi shaharlarida gastrol safarlarida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Qozog‘iston Respublikasi Almati shahrining Davlat qo‘g‘irchoq teatri bilan imzolangan hamkorlik Memorandumiga muvofiq teatr jamoasi 11-14 dekabr kunlari ijodiy safarda bo‘lib, teatr repertuaridan joy olgan N.Genjebekovaning “Saroy ichidagi sehrgar” teatrlashtirilgan tomosha dasturini bolalar e’tiboriga taqdim etdi.

2023 yil 23 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “Alg‘is-2023” madaniyat va san’at sohasidagi yilning eng faollarini taqdirlash marosimida Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi “Bolalarning sevimli ijodiy jamoasi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. 2024 yil 29 yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy taqdirlash marosimida Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri Murat Begimov muallifligidagi Xotam Oxunov tomonidan davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilgan “Cho‘pon afsonasi” spektakli bilan “Yilning eng yaxshi qo‘g‘irchoq spektakli” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida teatrga “Isuzu” yuk avtomashinasi berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2024 yil 29 aprel kungi buyrug‘i asosida teatrga 27 dona jami 1,5 million dollarlik uskuna berildi.

Hozirgi vaqtda teatrda bolalarning dam olish kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Erkatoy Malika” nomli teatrlashtirilgan dastur tayyorlanmoqda. Shuningdek, kelgusi yili Qozog‘iston Respublikasidan tajribali rejissyor Bekpolat Farmonov hamda Rossiya Federatsiyasidan tajribali rassom Aleksey Goviazin taklif qilinib, A.Abidova muallifligidagi “Sehrli uzuk” pesasi davlat buyurtmasi asosida sahnalashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari teatr jamoasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Ularga konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA