Doha shahrida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining ortda qolgan kechagi kungi bahslari O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun yangi yutuqlarni tuhfa etdi.
Chempionatda 20 ta mamlakatning mahoratli yosh og‘ir atletikachilari qatnashmoqda. Hamyurtimiz Zulfiya Ramazonova o‘smirlar o‘rtasida, Ziyoda Xudoyqulova esa yoshlar guruhida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Qiziqarli kechgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, Zulfiya Ramazonova dast ko‘tarishda 83 kg natija bilan bronza medaliga, Ziyoda Xudoyqulova ham dast ko‘tarish mashqida 92 kg natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Yoshlar orasida -67 kg vazn toifasining “A” guruhida vatanimiz sharafini himoya qilgan iste’dodli sportchimiz Diyorbek Ro‘zmetov dast ko‘tarishda 140 kg., siltab ko‘tarishda esa 170 kg., ikkikurash natijasida 310 kilogramm toshni bo‘ysundirdi.
U mazkur natija orqali uchta dasturda ham kumush medallarga egalik qilib, vatanimiz sport shuhratini ulug‘ladi.
Chempionatda umumiy hisobda 3 oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medalini jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi kuchli jamoalar qatoridan joy olib turibdi.
Shundan 3 ta oltin, 1 ta bronza yurtimiz o‘smir og‘ir atletikachilariga, 6 ta kumush, 1 ta bronza medali yoshlar terma jamoamiz hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bugun, 23 dekabr kuni chempionatning navbatdagi musobaqalarida 9 nafar sportchimiz o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Behruzbek Ganjaboyev, Abdulaziz Alimjonov va Boburmirzo Yoqubov 73 kiloda, Jamshidbek Ro‘zimboyev va Hasanboy Berdiyev 81 kiloda, Gulshodaxon Dadamirzayeva 76 kiloda, Nigora Suvonova 81 kilo og‘irlikda, Nodirbek Jo‘rayev va Bekzod G‘ofurjonov -89 kilogrammda g‘oliblikka da’vogarlik qiladi.
Musobaqalar 25 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA