Tramp yangi hududlarga nazar tashlamoqda

Yaqinda “Newsweek” jurnali Donald Tramp Kanada va Meksikaga “hadeb subsidiya olavermasdan, AQSH tarkibiga kirib qo‘ya qolishni taklif qildi” qabilida xabar tarqatgan edi. Sharhlovchilar bo‘lajak Prezidentning ushbu bayonoti Amerika va shu ikki davlat o‘rtasidagi savdo tartibi qayta ko‘rib chiqilishiga ishora sifatida qabul qilishdi. Ayrim kuzatuvchilar esa bu gapni Trampning navbatdagi hazili, deb ham izohlashdi. Xuddi shunday da’volarning navbatdagisi yakshanba kuni yangradi. Ya’ni, Donald Tramp Grenlandiya orolini Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shib olish zarurligini aytdi.
Saylangan Prezident ijtimoiy tarmoq orqali orolga egalik qiluvchi Daniyaga yangi elchi tayinlash qaroriga izoh berarkan, AQSHning Grenlandiyaga egalik qilishi zarurligini qo‘shimcha qildi:
– Amerika Qo‘shma Shtatlari butun dunyo bo‘ylab milliy xavfsizligi va erkinligi ta’minlanishi uchun Grenlandiyaga egalik qilish va orolni nazorat qilishni mutlaq zarurat, deb hisoblaydi. Daniyadagi elchi lavozimiga ko‘rsatilayotgan nomzod – AQSHning Shvetsiyadagi sobiq elchisi va tadbirkor Ken Xouri davlatimiz manfaatini himoya qilish yo‘lida a’lo darajada ish olib boradi.
2019 yil ommaviy axborot vositalarida Tramp Grenlandiyani sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida qator xabarlar paydo bo‘lgan edi. Keyinchalik uning o‘zi ham shu masalaga “strategik” qiziqish bildirayotganini tasdiqlagan. O‘z navbatida Daniya Grenlandiya oroli sotilmasligini aytib, Tramp hazillashayotganiga umid bildirgan. “Sotish g‘oyasi – bema’nilik”, deyilgandi o‘shanda Daniya tomoni tarqatgan bayonotda.
AQSH Ichki xavfsizlik departamenti sobiq xodimi Mayls Teylor 2020 yil avgustda MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Tramp Puerto-Rikoni Grenlandiyaga almashtirish mumkinligi haqida o‘ylayotganini aytgandi.
Grenlandiya 1953 yilgacha Daniyaning mustamlakasi bo‘lgan, hozir ham qirollikning bir qismi hisoblanadi. Faqat 2009 yil orol o‘zini o‘zi boshqarish va ichki siyosatni mustaqil yuritish imkonini qo‘lga kiritib, muxtor hududga aylangan.
Umuman, Tramp inauguratsiyasi yaqinlashgan sari turli bayonotlari bilan jahon ahli diqqatini tortib kelmoqda. Masalan, kuni kecha u Panama kanali savdo, shuningdek Atlantika va Tinch okeanlarida harbiy-dengiz kuchlarini tezkor joylashtirish uchun muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab, inshootni AQSHga qaytarish kerakligi xususida gapirdi. Bunday bayonotlar bajarilishi lozim va’dalarmi yo omma e’tiborini o‘ziga bog‘lab turish uchun aytilayotgan quruq gaplarmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
S.Rahimov, O‘zA