Mahmud Abbos: Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi kerak

Falastin rahbari Mahmud Abbos mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun o‘z mamlakati BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi va xalqaro miqyosda ko‘proq tan olinishi kerakligini aytdi.
Abbos Qohirada bo‘lib o‘tgan “D-8” sammitida so‘zlagan nutqida falastinliklar deyarli har kuni qirg‘inlarga duchor bo‘layotgani, o‘lkada ocharchilik xavfi ortayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va hududga insonparvarlik yordami yetib borishiga hech qanday to‘sqinlik bo‘lishi kerak emasligini aytdi. BMT Xavfsizlik Kengashining 2735-sonli rezolyutsiyasini zudlik bilan amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan Abbos xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektori uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va Isroilning u yerdan butunlay chiqib ketishini ta’minlashga chaqirdi.
– Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun Falastin davlati BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi va xalqaro miqyosda ko‘proq tan olinishi kerak, – dedi Abbos o‘z ma’ruzasida.
G.Sattorova, O‘zA