FOTOREPORTAJ

Poytaxtimizda qilichbozlik bo‘yicha bolalar o‘rtasida o‘tayotgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda mamlakatimiz vakillari ishtirok etmoqda.

«Paxtakor» qilichbozlik majmuasida 11-14 yoshli o‘g‘il-qizlar qilichbozlikning shpaga, rapira va sablya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.

Bugun rapira bo‘yicha o‘tkazilgan yakkalik bahsida jami 106 nafar  yosh sportchi g‘oliblik uchun bellashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, (12 yosh) qizlar o‘rtasida kechgan bahslarda hamyurtimiz Rayana Tashimova g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. Keyingi o‘rinlar ham vakillarimizga nasib etdi. O‘g‘il bolalar bahsida Abdurashid Abdujalilovga teng keladigani topilmadi. Farg‘onalik Selixon Mustafoyev 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. 3-o‘rinni Abdulloh Keunimjayev (Qoraqalpog‘iston) va Rasuljon Mamadaliyev (Andijon)lar egalladi.

14 yoshlilar o‘rtasidagi bahslar ham keskin va murosasiz o‘tdi. Qozog‘istonlik qizlar Inju Satimbek (1-o‘rin) va Janel Jumagali (2-o‘rin) mahorat ko‘rsatishdi. 3-o‘rin esa toshkentlik qizlar –  Rayana Tashimova va Evelina Kerimovaga loyiq ko‘rildi.

O‘g‘il bolalar musobaqasida ham qozog‘istonliklar (1-o‘rin Nurxan Abdraman va 2-o‘rin David Bidarev) yetakchilik qildi. 3-o‘rinni hamyurtlarimiz bo‘lishib oldilar: Nazar G‘ofurov va Muhammadjahon Qosimov.

Markaziy Osiyo chempionati 21 dekabr kuniga qadar davom etadi.

Muhammad AMIN(surat),O‘zA