Senat yalpi majlisida nafaqat qonunlar, balki jamiyatdagi dolzarb masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Senat Raisi davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya masalasini ko‘rib chiqayotganida nogironligi bor bolalar tug‘ilishi masalasiga to‘xtalib o‘tganiga e’tibor qaratdi.
Bu Samarqand viloyati misolida tahlil qilinganda, tug‘ma nogironlar dunyoga kelayotgani aniqlangan. Shuning uchun hamma ayollar tekshiruvdan, ayniqsa, skriningdan o‘tishi kerak.
– Skrining tekshiruvlarini amalga oshirish, kerakli reaktivlar, homilador ayollardagi turli naslli kasalliklarni tekshirish uchun byudjetdan pul ajratilmoqda. Tekshiruvda kasalliklar aniqlansa, davolash choralari ko‘riladi yoki ayolning xohishi bilan homiladorlik to‘xtatiladi. Mana shu reaktivlarni olib kelishda yil boshida uzilishlar bo‘ldi. Aralashganimizdan keyin shu uzilishlar bartaraf etildi. Mablag‘ ajratilgan, lekin nimagadir o‘sha reaktivlar joyiga yetib bormagan, – dedi T.Norboyeva.
Senat Raisi cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Tashpo‘latovga bir necha savol bilan murojaat qildi.
Hozir mana shu masalada byudjetdan yetarli mablag‘ olindimi? Bu bo‘yicha qanday muammolar bor?
F.Tashpo‘latov: Onalik va bolalikni muhofaza qilish uchun Prezidentimizning PQ-296-sonli qarori qabul qilingan. Dastur doirasida har yili 130-140 milliard so‘m atrofida mablag‘ olamiz. Bu jihozlardan tashqari faqatgina onalik va bolalar salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq dori-darmonlar hamda reagentlarga sarflanadi. Afsuski, bozor kon’yunkturasiga dunyodagi holat o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Yo‘l bilan bog‘liq muammolar sababli mahsulot kelishi cho‘zilib ketish holatlari mavjud.
Mablag‘ bilan bog‘liq masala bo‘lmadi, to‘g‘rimi?
F.Tashpo‘latov: Albatta, shunday. Hammasini tizimli yo‘lga qo‘yib olganmiz. Prezidentimizning PQ-408-son qarori bilan tashkilotlar birlashib, yagona xaridlar markaziga aylantirildi. Endi onlayn tizimda boshidan oxiriga qadar “yetkazib beruvchi – ishlab chiqaruvchi – iste’mol qiluvchi” zanjiri shakllantirildi. Kelgusi yilga hamma narsa yetarli. Faqatgina o‘z vaqtida, ishlarimizni sifatli tashkil qilsak bo‘ldi.
“Prezidentimizning PQ-296-sonli qarori bo‘yicha kam uchraydigan va boshqa genetik kasalliklarga chalingan bolalarga bepul dori vositalari, tibbiy ashyolar, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash joriy etilgan, to‘g‘rimi? Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish ko‘lamlari ham ko‘rsatib berilgan. Uning so‘zsiz, sifatli ijrosini ta’minlash vazirlik va boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan.
Ikkinchidan, turli naslli kasalliklar, irsiy-genetik kasalliklarning yo‘nalishlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rganib borishi kerak. Faqatgina o‘sha to‘rtta yoki beshta kasalliklarga nisbatan o‘rganish, tibbiy reaktivlarni olish bilan cheklanish emas, balki bolalarda uchrayotgan kasalliklarni e’tiborga olib, uni o‘rganish ko‘lamini kengaytirish kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligi juda katta tahliliy o‘rganish ishlarini olib borishi va keyingi yilgi byudjetda qanday qo‘shimcha kasalliklarga qanday reaktivlar kerakligi bo‘yicha taklif berishi kerak.
Ijtimoiy himoya masalasi yuqori siyosat darajasiga chiqdi. Kechagi selektor majlisi hammani o‘ylantirishi kerak. Bu faqatgina Ijtimoiy himoya milliy agentligining ishi emas, bu hammaning ishi, butun jamiyatning ishi. Davlat idoralari, hokimliklar – har bir insonning ishi. Shuning uchun, bu masalalarga alohida e’tibor qaratayotgan edimki, barchamiz qat’iyat bilan ishlashimiz zarur.
Takliflarni tegishli tashkilotlarga kiritib borish kerak. Agar quloq solishmasa, eshitishmasa, bizga murojaat qiling. Biz ham sizlar bilan birgalikda shu masala bo‘yicha shug‘ullanamiz. Zero, bu yurtimiz kelajagi bilan bog‘liq masala”, dedi T.Norboyeva.
N.Abduraimova,
O‘zA