O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari sifatini baholash sinov laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha dastlabki hujjat imzolandi. Mazkur bitim O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, Koreya Savdo, investitsiyalar, sanoat va energetika vazirligi, Koreya ilg‘or texnologiyalar instituti va Koreya muvofiqlik laboratoriyalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuzildi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Koreya loyihalarining bugungi holati va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, deyiladi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotida.
Bundan tashqari, Koreya ekspertlari tomonidan energiya siyosatining global tendensiyalari, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining joriy holati va energiya qurilmalarining sifatini nazorat qilish markazini tashkil etish bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
M.Hojiakbarova, O‘zA