Bahraynda og‘ir atletika bo‘yicha poyoniga yetib borayotgan jahon chempionatida Ruslan Nuriddinov -109 kilogrammda yana bir karra o‘z iste’dodini namoyish etgan bo‘lsa, iste’dodli yosh sportchimiz Sharofiddin Amriddinov dast ko‘tarishda oltin medalga sazovor bo‘lib, tajribali sportchilarimizning yangi, oltin avlodi yetishib kelayotganini namoyish etdi.
-109 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Ruslan dast ko‘tarish mashqida 182 kg. bilan beshinchi o‘rinni band etgan edi. Siltab ko‘tarish dasturida yuksak mahorat ko‘rsatib, 242 kilogramm toshni bo‘ysundirib, 3 yil avval o‘tgan dunyo birinchiligida o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilashga erishdi.
Chempionat jarayonida Nuriddinov qayd etgan 424 kg. natijani hech bir og‘ir atletikachi yangilay olmadi. U uchinchi bor ikki kurash bo‘yicha jahon chempioni sifatida e’tirof etildi.
Aytish lozim, yangi Olimpiya o‘yinlari sikli boshlanishi munosabati bilan Nuriddinovning o‘z iste’dodini namoyish etishi ortidan ko‘plab yetakchi sportchilar qatori, milliy terma jamoa murabbiy-mutaxassislarini yangicha formatda ishlash, tayyorgarlik tamoyilini belgilab olishda o‘ziga xos murakkabliklarni keltirib chiqqanligi bor gap. Ayni holat o‘zbek og‘ir atletikasi “Los-Anjeles-2028″ga hozirlikni bugundan boshlaganini ko‘rsatmoqda.
Dast ko‘tarish yo‘nalishida oltin medalga ega chiqqan terma jamoamiz a’zosi Sharofiddin Amriddinov siltab ko‘tarishda 212 kilo bilan oltinchi, umumiy hisobda esa 396 kilogramm bilan beshinchi bo‘ldi.
Yakuniga yetib borayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada ulug‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA