Rossiyaning Moskva shahrida qo‘l jangi bo‘yicha mutlaq vazn toifasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqada jahon chempioni unvoni va bel kamariga erkaklar o‘rtasida 73 kilogrammdan yuqori vazn toifasida ketma-ket ikkinchi marotaba hamyurtimiz Ilyos Komilov sazovor bo‘ldi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Nilufar Polvonova barcha raqiblari usidan zafar quchdi.
Bundan tashqari, erkaklar o‘rtasida -73 kg. vaznda Azizxon Abdullayev kumush, Olimjon Nomurodov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasidagi vazni 58 kilogrammdan yuqori bo‘lgan Umida Abdullayeva kumush medal bilan taqdirlandi.
Erishilgan ushbu yutuqlar mamlakatimizda sportning yakkakurash turlariga qaratilayotgan e’tibor va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan tizimli ishlar samarasidir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA