So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimiga berilayotgan katta e’tibor natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida ta’lim sohasiga 99 milliard 776 million so‘m, tibbiyot sohasiga 17 milliard 749 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan, Shodlik mahallasida 792 o‘rinli, Ullibog‘ ovulida 330 o‘rinli, Do‘stlik mahallasida 220 o‘rinli maktab hamda 8, 10, 14, 28, 33, 49, 63-sonli maktablarga qo‘shimcha o‘quv binolari, Otayurt, Paxtachi, Ullibog‘, Ko‘na To‘rtko‘l ovullarida, Nurli yo‘l, Anhorli mahallalarida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binolarini qurish ishlari olib borilayotgani aholi uchun munosib sovg‘a bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida tumandagi tug‘ruqxona kompleksiga yangidan qo‘shimcha 70 o‘rinli bino qurish hamda mavjud binoni mukammal ta’mirlash ishlari uchun 12 milliard 599 million so‘m ajratildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mavjud binoni ta’mirlash uchun 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu inshootlarni tender asosida “Islomboy Reyimov” hamda “Tezkor maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan bugungi kunda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilib, zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlandi.
Bugungi kunda tuman aholisiga Tibbiyot birlashmasi va uning tarkibida 430 o‘rinli statsionar davolash shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 9 ta oilaviy poliklinika, 7 ta oilaviy shifokorlik punkti xizmat ko‘rsatadi. Joriy yilda tuman tibbiyot birlashmasi “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol ishtirok etishi natijasida bolalar hamda fizioterapiya bo‘limlari ta’mirlash uchun 1 milliard 300 million so‘m, Tez tibbiy yordam binosiga qo‘shimcha bino qurish uchun 1 milliard 300 million so‘m, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosini ta’mirlash uchun 1 milliard 350 million so‘m, jami 3 milliard 950 million so‘mlik 3 ta loyiha yutib olinganini alohida ta’kidlash lozim.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.