Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan energiya resurslarini yetkazib beruvchi ta’minotchi korxonalarning qish mavsumiga tayyorgarligi, dispetcherlik xizmatlari va avariya brigadalarining uzluksiz ish rejimida faoliyat olib borishi doimiy nazoratga olingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev tomonidan “Nukusshahargazta’minoti” bo‘limi avariya-dispetcherlik xizmatining qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi. O‘rganish davomida bo‘limda 1 ta avariya xizmati brigadasi xizmat ko‘rsatayotganligi, lekin, kuniga  dispetcherlik markaziga o‘rtacha 80-100 tagacha murojaat kelib tushayotganligi sababli, qo‘shimcha 4 ta avariya brigadasiga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi. Brigadalar sonini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.

Shuningdek, barcha shahar va tuman prokuraturalari tomonidan aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzuksiz ta’minlash, aniqlangan nosozliklarni darhol bartaraf etilishi yuzasidan nazorat o‘rnatilgan.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri