Joriy yilning 8-9 dekabr kunlari Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida yoshlar va professional sportchilar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni jismonan chiniqqan komil inson etib tarbiyalashga, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Qizg‘in raqobatga boy tarzda o‘tgan musobaqada sportchilar o‘zlarining kuchli tayyorgarlik bilan kelganliklarini namoyish etdi.
Keskin bellashuvlar bilan o‘tgan musobaqa yakunida o‘z vazn toifasida covrinli o‘rin egalariga medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, g‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining kubogi bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri