Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, dastlab sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Amaldagi tartibga ko‘ra, Oliy sud raislarining o‘rinbosarlari – tegishli sudlov hay’atlari raislari lavozimiga aniq yo‘nalish (ma’muriy, fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy) bo‘yicha saylanishi belgilangan, – dedi deputat Zulayho Akromova. – Oliy sud sudyalariga nisbatan esa aniq yo‘nalish bo‘yicha saylanish tartibi joriy etilmagan. Bu esa sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etishga to‘sqinlik qilib, Oliy sud raisi o‘rinbosarlarini bir sudlov yo‘nalishidan boshqa bir sudlov yo‘nalishiga o‘tkazish (rotatsiya qilish) imkonini bermaydi. Shu munosabat bilan qonun loyihasida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga Oliy sud tarkibining sudlov hay’atlari raislari bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, odil sudlov sifatini yuksaltirish, rahbar kadrlarni munosib sudlov yo‘nalishiga o‘tkazish (rotatsiya qilish) imkoniyatini yaratish, shuningdek, mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzini ko‘tarishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA