Dunyo ommaviy axborot vositalari iste’foga chiqqan Suriya Prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga yetib kelgani haqida yozmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasi uni insonparvarlik nuqtai nazaridan mamlakatga kiritishga rozi bo‘lib, boshpana berish so‘rovini qabul qilgan.
«RIA Novosti»ga bu ma’lumotni Kremldagi manba tasdiqladi. Shuningdek, mulozim Rossiya har doim Suriya muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilish tarafdori bo‘lgani, hozir ham BMT shafeligidagi muzokaralarni qayta jonlantirish zarur, deb hisoblashini ta’kidlagan.
Avval xabar qilinganidek, ayni payt RF rasmiylari Suriyadagi qurolli muxolifat vakillari bilan aloqani ushlab turibdi. Isyonchilar yetkchilari, o‘z navbatida, Rfning ushbu arab davlati hududidagi harbiy bazalari va diplomatik vakolatxonalari xafsizligi ta’minlanishiga so‘z bergan.
2011 yil boshlangan fuqarolar urushi tufayli hanuz barqarorlikni tiklay olmayotgan, asosan oddiy xalq jabrlanayotgan mazkur mamlakatdagi ziddiyatda Rossiya shu paytgacha Prezident Bashar Asad tomonida edi. Endi esa RF Suriya xalqi manfaatidan kelib chiqib, o‘zaro siyosiy muloqotni davom ettirish, munosabatlarni rivojlantirish istagida ekanini ma’lum qildi.
Kecha ertalab qurollangan muxolifat vakillari poytaxtga kirib kelib, butun mamlakat bo‘ylab nazorat o‘rnatilganini e’lon qilgan. Bosh vazir Muhammad G‘ozi Al-Jaloliy bir necha vazir bilan birga Damashqda qolgan va muxoliflar bilan aloqaga kirishgan.