Joriy yilning 3-15 dekabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlangan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Jumladan, Nukus shahar hokimligida “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” ziyolilar forumi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston islohotlar falsafasi” ma’naviy-ma’rifiy tadbir, Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” muloqot uchrashuvi, Qoraqalpog‘iston san’at saroyida “Kino-karvon” loyihasi, “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar bilan uchrashuvda Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchi shoirlar, talaba yoshlar, mahalla faollari, keng jamoatchilik ham ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi kafedra mudiri, sotsiologiya fanlari doktori, professor M.Bekmurodovning “Yangi O‘zbekistonda inson salohiyatini rivojlantirish”, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori O.Alimardonovning “Yangi O‘zbekistonning ma’rifatli tashqi siyosati”, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor M.Quronovning “Aziz vatandoshim. Mafkuraviy immunitetingiz mustahkammi” mavzularida ma’ruzalari ishtirokchilar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Ushbu tadbirlar davlatimiz rahbarining joriy yil 18-20 noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqi mazmun-mohiyatini ziyolilar ishtirokida keng ommaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyotini barpo etish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan muhim vazifa va maqsadlar, keng qamrovli islohotlar xususida to‘liq ma’lumot berilmoqda.

“Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarining o‘ziga xos jihati shundaki, hududlardagi olimlar, ziyolilar, san’at va madaniyat namoyondalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ullar, mahalla faollari hamda ilg‘or yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatimizning milliy-mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishda ziyolilarni faollikka undash, ular uchun muloqot platformasini yaratishdan iborat. Aynan ziyolilarni mazkur ishga keng jalb qilish orqali, xalqimiz orasida o‘zlikni anglash va tarixiy ildizimizga oid bilimlarni oshirish maqsad qilingan.

– “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarining aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlangani bejiz emas, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi kafedra mudiri, sotsiologiya fanlari doktori, professor M.Bekmurodov. – Chunki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Orolbo‘yida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, aholi turmush farovonligini yanada oshirish yuzasidan mamlakatimizda, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng ommaga va yoshlarga yetkazishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilariga “Myen ham harbiy bo‘laman” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari haqida videoroliklar namoyish etildi.

“Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlari tumanlarda davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA