Qoraqalpoq tili bayrami nishonlandi
Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a pedagogika fakultetida 1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ellikqal’a tumani hokimining Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi M.Sherbayev, respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi Ellikqal’a tumani bo‘linmasi rahbari A.Matniyazova va boshqalar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpoq tilini rivojlantirish va uning davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘zladi.
Tuman Madaniyat bo‘limi va Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a pedagogika fakulteti tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar va raqslar barchaga bayramona shukuh bag‘ishladi.
Kitoblar taqdimoti
Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot kutubxona markazida yangi nashrdan chiqqan “Alpomish” va “Qo‘blon” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq yozuvchisi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti laureati M.Nizanov, filologiya fanlari doktori, professor A.Alniyazov va boshqalar so‘zga chiqib, Qoraqalpoq xalq dostonlarining qahramonlik, mardlik, vatanparvarlik, turli elatlar va xalqlarning birodarligi, sevgi va sadoqat, oila mustahkamligi va urug‘lar birligini kuylovchi katta epos va xalqimizning boy merosi hisoblangan durdona asarlar ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitoblarni nashrga tayyorlash, ularni chop etishdan maqsad kitobxonlarga qulaylik yaratish, keyingi avlodga boy merosimizni, dostonlarimizni yetkazish ekanligi aytildi.
Tadbir so‘nggida yangi kitoblar kutubxona fondiga sovg‘a etildi.
Buxoro bug‘usi o‘ldirildi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati hududida uch bosh Buxoro bug‘usi ovlanganligi aniqlandi.
Holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘rganish davomida bitta erkak va ikkita urg‘ochi bug‘u ov miltig‘i bilan o‘ldirilganligi ma’lum bo‘ldi. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida rezervatning zaxira yerlaridan ikkita ov miltig‘i o‘q dorisining plastik bo‘laklari, qonga o‘xshash qizil dog‘lar va ov miltig‘i topildi. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olindi. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 milliard 375 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir yetganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Hozirda, Beruniy tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Qo‘ng‘irot davlat o‘rmon-ov xo‘jaligida BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirda yaponiyalik mutaxassislar tumanda 20 dan ziyod oila uchun noyob, dorivor sistanxe o‘simligini yetishtirish bo‘yicha treninglar o‘tkazildi. Sistanxe boshqa ekinlar ildizidan oziqlanadigan yovvoyi o‘t hisoblanib, cho‘l va yarim cho‘llarda uchraydigan o‘ziga xos dorivor xususiyatga ega. Ishtirokchilar ushbu dorivor o‘simlikni ekish va yetishtirish usullari bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Bunday treninglar nafaqat dorivor o‘simliklarni yetishtirishni o‘rganish, balki Orolbo‘yi mintaqasi aholisi bandligini ta’minlash imkoniyatini ham yaratadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri