Joriy yilning 19-20 avgust kunlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida hududda yangidan qurilgan IT Park Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, hududdagi yoshlarning startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro darajaga olib chiqish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.
Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda turli texnologik va innovatsion loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT Park Qoraqalpog‘iston filialiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. IT Park xodimlari va hududiy rahbarlar bilan uchrashuv o‘tkazib, sohaga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Jumladan, hududda IT xizmatlar eksporti hajmini oshirish, xorijiy kompaniyalarni hududga jalb qilish va yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga oid vazifalar belgilandi.
Shuningdek, IT Park faoliyatini yanada kengaytirish va innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
N.Rahmonova, O‘zA