Nukusdagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida «Yerkin Qaraqalpaqstan» gazetasining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab buyuk qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining byustiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari Rustam Saparboyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, «Yangi O‘zbekiston» – «Pravda Vostoka» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor va vazifalar haqida gapirdi.

1924 yilning dekabr oyida Qoraqalpog‘iston Avtonom Respublikasining To‘rtko‘l shahrida el og‘alari Qosim Avezov, Abio‘ Qudabayev va ma’rifatparvar jadid Sayfulg‘abit Majitov tashabbusi bilan ilk bor chop etilgan gazeta bugunga kelib bir asrlik yo‘lni bosib o‘tdi. 1930 yilga qadar «Yerkin qoraqalpoq», bir yil davomida «Mehnatkash qoraqalpoq», 1931-1957 yillarda «Qizil Qoraqalpog‘iston» 1957-1992 yillarda «Sovet Qoraqalpog‘istoni» nomlari bilan atalgan gazeta mustaqillikdan so‘ng «Yerkin Qoraqalpog‘iston» nomi bilan nashr etilmoqda.

Qoraqalpoqistonning bosh nashri hisoblangan gazeta o‘tgan yillar mobaynida qoraqalpoq xalqi hayotining ko‘zgusiga aylandi. Qoraqalpoq tilining rivojlanishi, badiiy so‘z san’atning ravnaq topishida o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi.

Gazetaga o‘z maqolalari bilan muntazam qatnashib kelayotgan ijodkorlardan tuzilgan adabiyot to‘garagi negizida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi tashkil etilgani, pedagogika va qishloq xo‘jaligi texnikumi qoshida tashkil etilgan «Tong nuri» truppasi keyinchalik qoraqalpoq teatr madaniyatining shakllanishida alohida o‘rin tutganini ta’kidlash lozim.

Gazeta xalq minbari, islohotlar ko‘zgusi. Tahririyat o‘z o‘quvchilari, keng jamoatchilik oldida katta nufuzga ega.O‘tgan yili mamlakatimizda o‘tkazilgan «Oltin qalam» XVII Milliy mukofoti xalqaro tanlovida «Yerkin Qaraqalpaqstan» gazetasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Tadbirda bir guruh xodimlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan faxriy unvonlar, ko‘krak nishonlari, shuningdek, esdalik sovg‘alari topshirildi. Jumladan, «Yerkin Qaraqalpaqstan» – «Vesti Karakalpakstana» gazetalari bosh muharriri vazifasini bajaruvchi Q.Bayniyazov, «Yerkin Qaraqalpaqstan» gazetasining mas’ul kotibi S.Janiyev, «Vesti Karakalpakstana» gazetasi muxbiri A.Aminova «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist», «Yerkin Qaraqalpaqstan» – «Vesti Karakalpakstana» gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari B.Qulatayev «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvonlari bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari