Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev rahbarligidagi delegatsiyasi “Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo hududlararo hamkorlik” forumi doirasida delegatsiya Koreyaning qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik “TYM” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.
Unda Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy mutaxassislar va texnik xodimlarni tayyorlash bo‘yicha servis tarmog‘ini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bundan so‘ng “KIDL Co Ltd.” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Shamchiroq To‘rtko‘l” mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘rtasida issiqxona uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, “KIDL Co Ltd.” kompaniyasi tomonidan 62 million AQSH dollari miqdoridagi loyiha moliyalashtirilishi belgilab olindi. Bundan keyin, Yashil iqlim fondi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga grant mablag‘larini jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlardan so‘ng delegatsiya Koreya – Markaziy Osiyo mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha birinchi forumida ishtirok etdi. Forum dasturida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, madaniy va ilm-fan almashinuvlari, shuningdek, ekologiya va barqaror rivojlanish sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar kabi yaqin sheriklikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan tematik sessiyalar o‘tkazildi.
Delegatsiya GAROK vakillari bilan uchrashib, muzokaralar davomida hududlararo aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Ikki tomonlama tashriflarni tashkil etish, shuningdek, iqtisodiyot, innovatsiyalar, ta’lim va ekologiya sohalarida tajriba almashish bo‘yicha yangi dasturlarni boshlash masalalariga ko‘rib chiqildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari V.Jollibekov forumda ishtirokchilarni Orolbo‘yining investitsion salohiyati, yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar bilan tanishtirdi. Uchrashuv davomida Koreya Respublikasi ishbilarmonlar doiralari vakillari bilan muzokaralar tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlarda sanoat, energetika va agrosanoat kompleksida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish uchun qo‘shma korxonalar tashkil etish va Koreya texnologiyalarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri