O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida yangi Olimpiya davriga munosib tayyorgarlik ko‘rish, mamlakat olimpiya harakatini izchil yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda zarur vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, Milliy olimpiya qo‘mitasi faoliyatini tizimli takomillashtirib borish, uning maqsadli va natijaga yo‘naltirilgan ish rejasi asosida samarali faoliyat yuritishi ko‘rib chiqildi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilarining o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli ish rejalarini shakllantirish, tegishli vazirliklar, hududiy hokimliklar, federatsiya va assotsiatsiyalar bilan hamjihatlikda vazifalarni hal etish, mavjud muammolarni bartaraf etish, yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik aloqalarida samaradorlikka erishish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida O‘zbekiston sport delegatsiyasining “Milan-Kortina-2026” qishki Olimpiya, “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib natijalarga erishishi uchun tayyorgarlikni yangi bosqichga olib chiqish, bir qator sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratish, zarur shart-sharoit yaratish, malakali mutaxassislarning takliflarini o‘rganib chiqish kabi bir qator ustuvor mavzular borasida takliflar ilgari surildi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA