Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va «Sandoz» kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, “Sandoz” – global farmatsevtika kompaniyasi bo‘lib, «Novartis» guruhiga tegishli. Ushbu kompaniya asosan, generic dori vositalari va biosimilar preparatlar ishlab chiqaradi. Kompaniya dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimlarini arzon va samarali dori vositalari bilan ta’minlashga yordam berib keladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, biologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish borasida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. «Sandoz» kompaniyasi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnoma asosida biosimilar va boshqa farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va post-marketing faoliyatini birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirdi, deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Yakunda tomonlar o‘zaro ma’lumot almashish va birgalikda yangi loyihalar ustida ishlashga kelishib oldi.

M.HOJIAKBAROVA,

O‘zA