Britaniyaning mashhur “LoveEXPLORING” elektron nashrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida bilib olishingiz mumkin bo‘lgan va istaklaringizga mos keladigan 25 ta ajoyib narsa” sarlavhali maqola chop etildi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, britaniyalik jurnalist Piter Mur kitobxonni O‘zbekiston muhiti, madaniyati va o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, mashhur Ipak yo‘lida joylashgan Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi tarixiy shaharlar bilan tanishtiradi.
Maqolada qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unligi yaqqol ko‘rsatilgan, bu esa O‘zbekiston bo‘ylab sayohatning madaniy merosi va o‘ziga xos xususiyatlariga qiziquvchilar uchun jozibador qiladi.
Muallif mamlakatning gastronomik an’analariga ham to‘xtalib o‘tadi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston milliy taomlarining asosiylaridan biri – palov 2016 yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Maqolada, shuningdek, betakror ta’mga ega, mintaqaga qarab o‘zgarishi mumkin bo‘lgan turli shakl va naqshlarga ega o‘zbek nonlari haqida ham so‘z boradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA