Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida yoqilg‘i-energetika kompleksi tashkilotlarida gender tenglikni keng targ‘ib qilish va ta’minlashga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya kasaba uyushmalari respublika kengashi hamda Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida gender siyosatini amalga oshirishga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda energetika sohasini isloh qilish dasturi doirasida gender strategiyasini ko‘rib chiqish va uni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni belgilash maqsad qilindi.
Tadbir mas’ullarining ta’kidlashicha, gender tenglik siyosati erkaklar va ayollar uchun barcha sohalarda teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Bu siyosat mehnat bozori, ta’lim, siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi tengsizliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi. Bundan asosiy maqsad esa har bir shaxsning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishdagi hissasini teng baholash hamda erkaklar va ayollar uchun teng sharoitlar yaratishdir. Bu jarayonda innovatsion yondashuvlar, malaka oshirish va qonunchilikni takomillashtirish kabi choralar muhim o‘rin tutadi.
Tadbir davomida yoqilg‘i-energetika sohasida xotin-qizlar ulushini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar va g‘oyalar muhokama qilindi. O‘quv-seminar yakunida kelgusi besh yil uchun mo‘ljallangan sohaning yangi gender siyosati loyihasi ishlab chiqildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA