Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi Operatsion guruhi ijrochi direktori Um Sung-Yong bilan uchrashdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli texnologiyalar, startaplar va ICT infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida vazir Koreya Eksimbanki O‘zbekistonning ICT infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni yuksaltirishda ko‘rsatayotgan doimiy yordamiga alohida e’tibor qaratdi.
—Koreya bizning muhim hamkorimiz bo‘lib, raqamli texnologiyalar sohasidagi tajribasi va qo‘llab-quvvatlashi biz uchun katta ahamiyatga ega. Maqsadimiz O‘zbekistonda raqamli xizmatlarni yaxshilash, yoshlarga munosib ish o‘rinlari yaratish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh davlatga aylanish, – dedi vazir Sh.Shermatov.
Um Sung-Yong o‘z navbatida, Koreyaning raqamli sohada yaratgan muvaffaqiyatli tizimlari va loyihalarini O‘zbekistonga joriy etish imkoniyatlari borasida kelajakdagi rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, loyihalar O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonning raqamli davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish taklifi berildi.
Uchrashuv davomida ikki tomon yurtimizda raqamli iqtisodiyot va ICT infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha masalalarni muhokama qildi. Bu loyihalar, ayniqsa, IT ta’lim, startap ekotizimini takomillashtirishga qaratilgan.
N.Rahmonova,
O‘zA