Quvaytda Osiyo olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining 90-yig‘ilishida tashkilot faoliyatining yaqin kelajakdagi rejalari, oldinda turgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu tadbirda Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov ishtirok etib, kun tartibidan o‘rin olgan “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo o‘yinlarining tashkiliy masalalariga oid so‘nggi yangiliklar bilan tanishdi.

OOK Ijroiya qo‘mitasi mas’ullari mavzu bo‘yicha o‘z taqdimotlarini o‘tkazishdi. Tadbirda OOK doimiy qo‘mitalari o‘z faoliyati yuzasidan hisobotlarni taqdim etdi. Muhokamalar jarayonida Osiyo olimpiya kengashi hamda Quvayt hukumati o‘rtasida tashkilot shtab-kvartirasining avtonomligi bo‘yicha kelishuv imzolandi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ullari safar davomida Quvayt davlati hamda qit’a Olimpiya oilasining yuqori martabali a’zolari, OOK rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga oid uchrashuvlar o‘tkazdi. Do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash xususida kelishuvlarga erishildi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA