Bojxona qo‘mitasida Rossiya Federal bojxona xizmat rahbari V.Pikalyov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov O‘zbekiston – Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu esa bojxona sohasidagi o‘zaro hamkorlikka ham ijobiy va harakatlantiruvchi ta’sir etayotganini qayd etdi.
Ikki tomonlama uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tashqi savdo yuklari uchun joriy qilingan “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” tamoyilini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar bir-birlarining vakolatli iqtisodiy operatorlari uchun nazarda tutilgan qulayliklar va yengilliklarni keng miqyosda tatbiq etish, bojxona laboratoriyalari tomonidan o‘tkaziladigan ekspertiza jarayonlarini metodologik jihatdan muvofiqlashtirish, kinologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Rossiya bojxona xizmati delegatsiyasi 2023 yilning 29 avgustida shaxsan davlatimiz rahbarining Bojxona qo‘mitasiga tashrifi chog‘ida ishga tushirilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekistonda bojxona organlari faoliyatini raqamlashtirish va tartibotlarni soddalashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 2 dekabrida Samarqand shahrida ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari O‘zbekiston va Rossiyada bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish to‘g‘risida bitim imzolagan edi.
Mazkur bitim amalga oshib, hozirda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Rossiyadagi vakili o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli tarzda davom ettirmoqda.
Rossiya Federal bojxona xizmati delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA