2025 yilda mahalliy byudjetlarning mustaqilligini oshirish uchun ular ixtiyorida qoladigan soliq tushumlarini ko‘paytirish rejalashtirilyapti. Bunda 2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, davlat aktivlari ijarasidan tushadigan tushumlar hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizigacha qismi tuman (shahar)lar byudjetlariga qoldiriladi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan tuman (shahar)lar byudjetlariga mazkur daromad tushumlaridan ajratmalar miqdoriga kelgusi uch yil davomida o‘zgartirish kiritilmasligi nazarda tutilmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi davomida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda deputatlar bosh moliyaviy hujjat loyihasini qizg‘in muhokama qilib, partiyaning saylovoldi dasturi, maqsad va g‘oyalaridan kelib chiqqan holda qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, deputatlar qonun loyihasida eksportchi tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish nazarda tutilayotganiga e’tibor qaratib, sabablari bilan qiziqdi.
Bundan tashqari, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondiga ajratilayotgan mablag‘ miqdori yuzasidan e’tiroz bildirib, Byudjetnomada nazarda tutilgan mablag‘ og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va yordam ko‘rsatish uchun yetarli emasligini ta’kidladi. Fondga ajratilayotgan mablag‘ miqdorini qayta ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA