Xalqaro jinoiy sud Falastinning XAMAS harakati harbiy qanoti qo‘mondoni Muhammad Ad-Deif, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi. Bu haqda TASS axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
– Xalqaro sud palatasi bir ovozdan Isroilning Rim statuti ostidagi da’volarini rad etgan ikkita qaror qabul qildi. Shuningdek, Netanyaxu va Galantni Falastinda sodir etgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi tajovuzlari uchun hibsga olishga order berdi, -deyiladi XJS matbuot bayonotida.
Avvalroq, AQSH BMTning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyasiga veto qo‘ygani xabar qilingandi. Rezolyutsiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan 10 a’zosi tomonidan tayyorlangan, unda “zudlik bilan so‘zsiz va doimiy” o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Jozep Borrel shu kunlarda Yaqin Sharqda safarda bo‘lib turibdi.