O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchisi etib tayinlangan G‘ayrat Fozilov ushbu davlat Tashqi ishlar vazirligi Protokol va xorijiy aloqalar departamenti direktori Xansu Akerbumga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi. Diplomatimiz faoliyatini Bryussel shahridagi qarorgohdan turib olib boradi.

Muloqot chog‘ida siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil aprelda Toshkent shahrida ikki davlat tashqi siyosat idoralari maslahatlashuvining navbatdagi davrasi yakuni ijobiy baholandi va bu mexanizmni muntazam takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda ikki va ko‘p tomonlama sheriklik ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha kelgusi rejalar, turli darajadagi bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.

Xans Akerbum Protokol bo‘limi elchixona faoliyatini, jumladan O‘zbekiston – Niderlandiya muloqotini mustahkamlashga har tomonlama ko‘maklashishini tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi rahbari, Elchi G‘ayrat Fozilov 14 noyabr kuni Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelga ishonch yorlig‘ini topshirgan. Joriy yil 7 fevral kuni esa uning Belgiya Qiroli Filippga ishonch yorlig‘ini topshirish marosimi tashkil etilgan edi.

O‘zA