Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident kubogi-2024” musobaqalarining ilk tur o‘yinlari ortda qoldi.

Xalqaro turnir nizomiga ko‘ra, “A” guruhida reytingi 2250 va undan yuqori shaxmatchilar qatnashayotgan bo‘lsa, “B” guruhida reytingi 2249 va undan past shaxmatchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.

Klassik shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan ushbu musobaqada partiya 90 daqiqa va har bir yurish uchun 30 soniya vaqt qo‘shib berilishi belgilangan.

Nufuzli musobaqaning “A” guruhida 120 nafar mahoratli shaxmatchilar qatorida FIDE reytingida kuchlilar ro‘yxatida qayd etilayotgan Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston), Parham Magsudlu (Eron), Amin Tabatabai (Eron), Javohir Sindorov (O‘zbekiston), Shamsiddin Vohidov (O‘zbekiston), Nihal Sarin (Hindiston), Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston), Puranik Abhimanyu (Hindiston), Murali Kartikeyan (Hindiston), Muniretinam Pranesh (Hindiston) bosh sovringa da’vogarlik qilmoqda.

Nufuzli musobaqaning “V” guruhida esa 132 nafar shaxmatchi ro‘yxatda keltirib o‘tilgan.

Kecha har ikki guruhda 1-tur o‘yinlari tashkil etildi.

Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat “Prezident kubogi-2024” turnirining 1-turida “A” guruhida g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov qora donalarda hindistonlik Sambit Pandani mag‘lubiyatga uchratdi.

Shuningdek, Javohir Sindorov FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Yekaterina Golsevani taslim etgan vaziyatda, Shamsiddin Vohidov hindistonlik Etan Vazga bilan durang o‘ynadi. Terma jamoamiz a’zolaridan Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda qirg‘izistonlik Melis Mamatovdan ustun keldi.

Bugun, 22 noyabr kuni musobaqaning 2-turida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Saxib Singx bilan ro‘baro‘ keladi. Ushbu turning yana bir qiziqarli bahsi hamyurtimiz Ortiq Ne’matov va “Prezident kubogi-2024”ning ikkinchi raqamli shaxmatchisi sifatida tasniflangan eronlik Parham Magsudlu o‘rtasida kechadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA