“Milliy kino san’ati saroyi“da rejissyor va ssenariy muallifi Eljon Abbosovning “O‘zbekistonda kino san’ati ustalari“ turkumidagi hujjatli filmlarning ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu turkumda “Shuhrat Abbosov“, “Nabi G‘aniyev“ va “Komil Yormatov“ filmlari asosiy o‘rin tutadi. Filmlar o‘zbek kino san’atining buyuk ustalarining hayoti va ijodini yoritib, ularning san’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ochib beradi.

Filmlar namoyishidan avval Kinoarboblar ijodiy uyushmasi rahbari Matyoqub Matchonov ushbu kartinalarni yaratishdagi mashaqqatli ijodiy jarayon va ularning o‘zbek kinosi tarixidagi ahamiyati haqida gapirdi. Shuningdek, rejissyor Eljon Abbosov filmlarining g‘oyaviy mazmuni va maqsadlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Shuhrat Abbosov o‘zining “Mahallada duv-duv gap“ kabi kino asarlari bilan xalqimizning qalbidan joy olgan rejissyor sifatida tarixda qolgan. Filmda uning nafaqat rejissyorlik san’ati, balki o‘zbek madaniyatini dunyoga tanitishdagi roli batafsil ochib berilgan. Nabi G‘aniyev va Komil Yormatov kabi ulkan shaxslarning hayotiy hikoyalari ham O‘zbekiston kino san’atining rivojlanishida muhim bosqichlarni aks ettiradi.

Aytish kerakki, premeralari o‘tkazilgan har bir hujjatli film tomoshabinlarga o‘zbek kino darg‘alarining ijodiy yo‘li, san’atimizning o‘ziga xos jozibasi va ulkan merosini ochib berishga xizmat qiladi. Ushbu hujjatli filmlar orqali tomoshabinlar nainki o‘zbek kino san’ati rivojini, balki milliy madaniyatimizning jahon maydonidagi muvaffaqiyatlarini ham anglash imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.

Eljon Abbosovning “O‘zbekistonda kino san’ati ustalari“ loyihasi milliy san’atning nufuzini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, o‘zbek kinosining kelajak avlod uchun ham boy ma’naviy meros ekanligini anglatadi.

N.Usmonova,

O‘zA