21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni

Har qanday voqea va yangiliklar inson ongiga singib, ishonchiga sabab bo‘lishida,  avvalo. ko‘z hamda quloqlarning o‘rni beqiyos. Dunyoning bir chetida sodir bo‘layotgan hodisalarni kimdir shunchaki gapirib bersa, o‘z-o‘zidan ishonishga shoshilmassiz, ammo bundan televideniye orqali xabardor bo‘lsangiz, shubhasiz, xulosalaringiz ko‘rganlaringizga tayanishi tabiiy. Demak, bugungi kunda insoniyat televideniye imkoniyatlariga tayanib, dunyoni kashf etyapti, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun 21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni. Uning tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1996 yil 21-22 noyabr kunlari Birlashgan millatlar tashkilotida Birinchi jahon televizion forumi o‘tkazilgan. Keng muhokamalardan so‘ng BMT Bosh Assambleyasining 1996 yil 17 dekabrdagi qarori bilan 21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni deb e’lon qilingan.

Tan olish kerak, televideniye turli mojaro, tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladigan har qanday holatlarga va iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga jahon ahli e’tiborini qaratishda ulkan ta’sir etuvchi kuchdir. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridagi soha vakillari 21 noyabrni bayram sifatida nishonlasa-da, boshqa barcha ayyomlar kabi ushbu kunda ham ishlaydilar.

Televideniyening kelib chiqishi tarixi XX asrning boshlariga borib taqaladi. Zamonaviy yassi ekranli televizorlarning “bobokalonlari” AQSH, Yaponiya va Rossiya hududida tadqiqotlar olib borish jarayonida paydo bo‘lgan. 1930 yillarning boshlarida sobiq sovet ittifoqi olimlari va muhandislari Boris Rozing, Semyon Katayev, Aleksandr Konstantinov, Piter Timofeyev, Pavel Shmakov, amerikalik ixtirochilar Vladimir Zvorikin va Filo Farnsuort, britaniyalik muhandis Alan Kempbell Suinton va boshqa olimlarning mehnati tufayli televizor foydalanish bosqichiga olib chiqilgan.

Ko‘plab manbalarda televizorning vatani deya poytaxtimiz Toshkent shahri e’tirof etiladi, ya’ni elektron televideniye 1928 yilda toshkentlik ikki kashfiyotchi B.Grabovskiy va I.Belyanskiy tomonidan yaratilgan bo‘lib, tajriba sifatida qo‘llanilgan ilk televizion uskuna o‘sha paytda “telefot” deb nomlangan.

Birinchi televizorlar tasvirni faqat oq-qora ranglarda ko‘rsatgan. 1950 yillarning boshida ko‘plab davlatlarda rangli televizorlar ishlab chiqilgan. Bugun O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining yetakchisi sanalgan televideniye faoliyati jahon talablariga munosib tarzda rivojlangan. Buni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat telekanallar faoliyatidan ham anglash mumkin.

– Televideniye – katta ijtimoiy kuch! Mamlakatimiz sportchilari xalqaro maydonlarda ijobiy natijalarni qayd etganida, har birimizning qalbimizdan o‘tayotgan Vatandan faxrlanish, hilpirayotgan bayroqdan ko‘zimiz yashnab, ko‘nglimiz tog‘dek o‘sishi singari noyob fenomenni so‘z bilan ifodalab berish qiyin. Shunday ekan, boshqa soha va yo‘nalishlardan tashqari, birgina sport mavzusi televideniye orqali yoritilmay qolsa bormi, nazarimda, odamlarni oniy lahzalarda jo‘shqin hissiyotni beradigan tarixiy g‘alabalardan bebahra qoldirgan bo‘lamiz, – deydi “Sport” telekanali direktori Zohid Karimov. – Aholiga doimo ham ko‘ra olish imkoniga ega bo‘lmagan sport musobaqalaridan bahramand bo‘lish imkonini aynan televideniye beradi.

Shu o‘rinda sport tadbirlarini translyatsiya qilishdan keladigan iqtisodiy manfaatni ham unutmaslik kerak. So‘nggi yillarda telekanallarimizda o‘ziga xos o‘sish kuzatilmoqda. Buni biz ham iqtisodiy samaradorlik natijalarida, ham dasturlarning tomoshabopligini aniqlaydigan reyting o‘lchovlari aks ettirayotgan raqamlarda ko‘ryapmiz. Shundan kelib chiqib, “Sport” telekanali ham o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni muvaffaqiyat bilan ado etib kelmoqda.

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA